Muborak Qurbon Hayiti bayrami arafasida 1 – sonli Nukus “Mehribonlik” (hozirgi kunda ushbu muassasa o‘z faoliyatini tugatgan) uyining sobiq bitiruvchilari yangi xonodonga ko‘chib o‘tdilar. 24 yoshli Aymurza Isakov va 29 yoshli Baxtiyar Kubeysinovlar Milliy gvardiya va mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan uy-joyga muhtoj 30 yoshgacha bo‘lgan mehribonlik muassasalarining sobiq bitiruvchilari ro‘yxatiga kiritilgan. Aymurza ijarada yashar edi, Baxtiyar esa qo‘shni davlatlarda ishlab kelgan.
24 iyun sanasida xonadon egalariga kalitlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M. Yusupov va Nukus shahri hokimi U. Panayev xonadon egalariga samimiy tilaklar bildirib kalitlarni topshirdilar.
Shu o‘rinda, Aymurza va Baxtiyar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan eʼtibor uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi.