“1-iyun— Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”da Xorazmda bolajonlar uchun bayram tadbirlari tashkil etildi.
Sana munosabati bilan Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan viloyatdagi barcha Oilaviy bolalar uyi o‘g‘il-qizlari hamda harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlari uchun Urganch shahridagi “Ogahiy” nomidagi musiqali drama teatrida "Bolalarga bering dunyoni" deb nomlangan spektakl va konsert dasturi taqdim etildi. Tadbir davomida bolajonlar uchun ko‘ngilochar dasturlar namoyish etilib, Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Tadbirning ikkinchi qismida bolajonlar Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog‘iga tashrif buyurib, turli xil attraksionlarda uchishdi va qiziqarli o‘yinlarda maroq hamda katta qiziqish bilan ishtirok etishdi.
Kechki payt uyga qaytish vaqti kelganida, o`g`il-qizlar toliqqan, ammo baxtiyor va mamnun edilar.