A.Xlebushkina nomidagi 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari mehmonlarni doimo xursand bo‘lib kutib olishadi. Yaqinda ulardan xabar olish uchun O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi qorovul qo‘shinlarining cholg‘u asboblari orkestri tashrif buyurgan.
Sozanda va xonandalar tomonidan Vatan haqidagi marshlar hamda qo‘shiqlar, bolalar uchun sevimli multfilm va filmlardan kompozitsiyalar ijro etildi. O‘g‘il-qizlar sanʼatkorlarni olqishlab, ular bilan qo‘shiq kuylashdi va raqsga tushishdi. So‘ngra bayram dasturxoni atrofida samimiy suhbatlashdi, orzu-istaklari va kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi, ichki ishlar xodimlari bolalarga musiqaning jangovar ruh va kayfiyatni ko‘tarishga yordam berishi haqida so‘zlab berdilar.