Samarqand shahar 1-sonli Mehribonlik uyi(hozirda faoliyati yakunlangan)dan 4 nafar qiz hamda 2 nafar o`g`ilni o`z oilasi bag`riga olgan Rahimovlar oilasi bugun baxtli va inoq oilalar qatorida.
Yozgi ta’til boshlanishi bilan oila a`zolari dasturxon atrofida jam bo`lib, dam olishni mazmunli va maroqli tashkil etish rejasini tuzishdi.
Ro`yxat qanchalik uzun bo`lmasin hamma bir ovozdan tog` bag`riga sayr qilishni tanlashdi.
Sabriya, Muharram, Shabbona, Xusniya tong sahardan onajoni bilan mazali taomlar pishirishdi.
Farrux bilan Mahsum bo`lsa, Olim akaga kerakli buyumlarni mashinaga yuklashga yordam berishdi.
Shundan so`ng, katta hayajon bilan ular sayohatga yo`l olishdi. Bolajonlar bu kunni intizorlik bilan kutgan edi. Ularning baxtiyorligi ko`zlarining porlab turishidan ham ma`lum.
Sayohat kutilgandan ham a`lo o`tdi. Rahimovlar oilasi bir umrga arzigulik taassurotlar bilan uylariga qaytishdi.