Bolalik – inson umridagi eng beg‘ubor, ulkan orzularga va yoqimli lahzalarga to‘la davr hisoblanadi. Mamlakatimizda navqiron avlodga eʼtibor va g‘amho‘rlik ko‘rsatilmoqda. Ularning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi, maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi, sog‘lom turmush tarzi odatini shakllantirish, taʼlim sifatini oshirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Keyingi yillarda yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda Milliy gvardiya ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Buxoro viloyatiga gastrol safari bilan kelgan sirk tomoshasiga viloyatdagi oilaviy bolalar uylari hamda harbiy xizmatchi va xodimlarning farzandlari taklif etildi.
Havo akrobatlari, kuchli polvonlar, masʼharabozlarning chiqishlari bolalarga manzur bo‘ldi. Sirk tomoshasi farzandlarimiz uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. Ularning qalblari quvonchga to‘ldi.