Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Samarqand shahar hokimligi vakillari oilaviy bolalar uylari, vasiylik va homiylik ostida tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlar orqali ularning orzu-umidlari haqida maʼlumotlarga ega bo‘lmoqda. “Mehr daftari” elektron platformasi esa istaklarni amalga oshirishga yordam beradi. Xususan, fotosuratdagi qizlar dizayner bo‘lishni orzu qiladi. Hozir ular grafik dizayn asoslarini o‘rganmoqda. Professional dizaynerlar ishlaydigan turli xil dasturlarni o‘zlashtirish uchun esa yaxshi kompyuterlar kerak. Posbonlar bilan suhbatda ham qizlar shu masalani taʼkidlab o‘tishgan edi. Qizlarning orzulari ushaldi: hokimlik va Milliy gvardiya vakillari ularga zamonaviy noutbuklarni topshirdilar. Muxtasar aytganda, imkoniyatlar bor, endi yaxshi natijaga erishishi qizlarning o‘z harakatlariga bog‘liq. Ularga kasb-hunar egallash yo‘lida omad tilaymiz!