Buxoro viloyati Peshku tumanida 17 nafar yigit va qizlarga o‘zlari orzu qilgan tikuv mashinasi, velosiped, noutbuk va boshqa buyumlar taqdim etildi.
Bu bolalarning orzularini amalga oshirish – nafaqat ularga yaxshi munosabat, balki ularning kelajagi haqida davlat va jamiyatning qayg‘urishidir. Axir bu bolalar hayotning turli xil vaziyatlari tufayli ota-ona mehridan mahrum bo‘lishgan. Shu sababdan ularning voyaga yetishi, ijtimoiylashuvi, oyoqqa turish, taʼlim olish hamda kasb-hunar egallashi uchun davlat va jamiyatning yordami juda zarur.
Shu maqsadda ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yetim va ota-ona mehridan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan “Mehr daftari” elektron platformasi tashkil etilgan. Bugungi kunda yuzlab bolalar o‘z orzulariga erishib, taʼlim olish, IT texnologiyalarini o‘rganish va internet tarmoqlarida kitob oqib, turli xil ilmlarni o‘rganishmoqda. Mana endi Peshku tumanidagi yoshlarda ham dunyo qarashini kengaytirish va bilimlarini oshirish imkoniyati bor.