Joriy yilning 6 dekabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi binosida video-selektor tarzidagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri R.Mamatov raisligida o‘tkazilib, unda Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev va Samarqand shahridan O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev, shuningdek shahar va viloyat hokimlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, Fuqarolar yig‘inlari raislari hamda boshqa hamkor vazirliklarning masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Milliy gvardiya ko‘mondoni R.Djurayev so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilar eʼtiborini Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangilangan tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarning hamkorlikdagi ijrosi yuzasidagi masalalarga qaratdi.
Maʼruza davomida, davlatimiz rahbarining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar”ni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan Farmon va Qarorlari asosida Milliy gvardiya va tegishli vazirliklarga aniq vazifalar belgilab berilganligi taʼkidlanib, shu qisqa davr mobaynida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar samarasida erishilgan natijalar yodga olindi.
Shu qatorda Mehribonlik bolalar muassasalari bilan ishlash jarayonida duch kelingan tizimdagi qator kamchilik va muammolar sanab o‘tildi. Xususan, Mehribonlik uyiga topshirilgan aksariyat bolalarning yaqin qarindoshlari bo‘la turib ularning “qaramog‘iga berilgan bolalarni tarbiyalash va ularni voyaga yetkazish masʼuliyatini zimmalariga olmaganliklari” tufayli ular mehribonlik uyiga topshirilganligi hamda shu kabi mahallada yechimini topish mumkin bo‘lgan qator muammoli masallarga misollar keltirilib, mahalla raisi hamda faollarining masʼuliyatiga tanqidiy fikrlar bildirildi.
Mehribonlik uylaridan chiqqan yoshlar yana mahallaga kelib yashashlarini inobatga olgan holda, tegishli davlat tashkilotlari va “mahalla” tomonidan ularning aniq ro‘yxati yuritilishi, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga shart-sharoitlar yaratilishi va har tomonlama yordam ko‘rsatilishi, bunda – aynan mahallaning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
O‘z navbatida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri R.Mamatov hamda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayevlar Milliy gvardiya qo‘mondonining tanqidiy fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan holda kelgusidagi hamkorlikda amalga oshiriladigan masalalarga to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, barcha davlat idoralari bir yoqadan bosh chiqarib, hamkorlikda mavjud kuch va vositalarni, bilim-salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirib, Yurtboshimiz tomonidan ushbu yo‘nalishda belgilab berilgan aniq va maqsadli vazifalarni yuqori saviyada bajarilishiga ishonch bildirildi.