Toshkent shahridagi 30-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun yozgi taʼtil davomida tashkil etilgan «Nur» bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida samimiy va iliq muhitda oʻtgan «Quvonch kuni» boʻlib oʻtdi.«Urishmaymiz, ranjimaymiz, kulamiz va xursand boʻlamiz!» shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbir bolalar uchun haqiqiy doʻstlik va xursandchilik bayramiga aylandi.
Tadbir Toshkent shahri yoshlar tashabbuslari vakillari tomonidan uyushtirildi. Ular bolalar bilan birgalikda mazmunli madaniy, maʼrifiy va sport dasturini amalga oshirishdi. Tarbiyalanuvchilar katta mamnuniyat bilan har xil harakatli oʻyinlar, viktorinalar, ijodiy va musiqiy chiqishlarda faol qatnashishdi.
Bunday tadbirlar bolalarga shodlik va bayramona kayfiyat ulashish bilan birga, ularda mehr-oqibat, birdamlik va oʻzaro tushunish tuygʻularini ham tarbiyalaydi. «Nur» oromgohidagi Quvonch kuni mehr va eʼtiborga muhtoj bolalar uchun qalbdan qalbga iliqlik ulashish qanday muhim ekanligini yana bir bor eslatib oʻtdi.