Rossiya Federatsiyasining “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanayotgan Buxoro tumani “Kulonxona” mahalla fuqarolar yig‘ini “Jizmandi” qishlog‘ida yashovchi Shomurod Barakayevning 5 nafar farzandlari Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan O‘zbekistonga olib kelindi.
Gap shundaki, Shomurod Barakayev bundan bir necha yillar oldin ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga boradi. Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Oksana Kuznetsova bilan turmush quradi. Oilada 5 nafar farzand tug‘iladi. Shundan so‘ng Shomurod Bakayev O‘zbekistonga deportatsiya qilinganligi sababli kelib, Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqiga tushib qoladi. Bolalarning onasi Oksana Kuznetsova esa 5 nafar farzandini “Mehribonlik uyi”ga topshirib, onalik huquqidan mahrum etiladi.
Voyaga yetmaganlarni O‘zbekiston hududiga olib kelish uchun ko‘mak so‘ragan otaga hukumat tomonidan yordam ko‘rsatildi.Mahalliy hokimliklar, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ushbu oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun yotoq mebellari va boshqa zarur jihozlar taqdim etildi.