Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S. Mamayusupov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) A. Yunusova, Vazirlar Mahkamasi Bolalarni himoya qilish sho‘basi mudiri D. Ermatov va Xalq taʼlimi vazirligi boshqarma boshlig‘i F. Ahmedovlar qatnashdi.
Shuningdek, marosimda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan kurslarni tamomlagan ota-onalar, Jamoat xavfsizligi universiteti “Harbiy vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash” kafedrasi o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida so‘z olganlar, bolalar har bir mamlakatning ulkan boyligi ekanligini taʼkidlab, ularga g‘amxo‘rlik qilish dunyoning barcha mintaqasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligiga alohida urg‘u berishdi.
Shu bilan bir qatorda, bizning o‘lkamizda ham bolalarni asrab-avaylash, ayniqsa, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini mamnuniyat bilan tilga olishdi.
Shundan so‘ng, tutingan ota-onalar uchun tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolarimizga sertifikatlar masʼullar tomonidan tantanali topshirildi. Serifikatga egan bo‘lgan vatandoshlarimiz ham o‘z o‘rnida o‘zlarining iliq tilaklarini bildirishdi.
Tadbir so‘ngida, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari “Yangi O‘zbekiston” ansambli xor, Milliy gvardiya harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilari va Toshkent “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilaridan tashkil topgan jamoalar hamda Milliy gvardiya ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan diotortar navolar barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.