Toshkentda bugungi kunda umumta’lim maktablari bazasida 43 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatib, ularda 6 mingdan ortiq Toshkent maktab o‘quvchilari dam olishmoqda. Foydasi aslida juda ko‘p. Birinchidan, barcha ota-onalar ham yozda bolalarini shahardan tashqaridagi lagerlarga yubora olishmaydi, ko‘pchilik xizmat yuzasidan farzandlarini qarovsiz qolishidan xavotirda bo‘ladi. Ikkinchidan, maktab lagerida bolalar o‘zlarining sevimli mashg‘ulotlariga vaqt ajratishlari yoki yangi narsalarni o‘rganishlari mumkin. Masalan, rasm chizish, sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, matematika yoki dasturlash bilan shug‘ullanish. Buning uchun oromgohlarda ijodiy to‘garaklar va sport seksiyalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, bolalar yozgi sog‘lomlashtirish lagerlariga tayinlangan Milliy gvardiya inspektor-psixologlari bilan do‘stlashib, gvardiya haqida ko‘proq ma’lumot olish, psixologik treninglardan o‘tish va tengdoshlari bilan muloqot qilishni o‘rganish, do‘stlar topish va bahsli vaziyatlarni yumshatish imkoniyatiga ega. Ma’lumot o‘rnida, hozirda respublikada 1105 oromgohlari mavjud bo‘lib, ularda 174 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari dam olishmoqda.