Qarang, andijonlik Jo‘rabek Rahmonberdiyevich va Maʼmura Mahmudxo‘jayevna Qurbonovalarning o‘g‘li Javohirbek o‘zining 10 yoshini naqadar xursandchilik bilan nishonladi. Bolaning so‘zlariga ko‘ra, bu tug‘ilgan kun uchta sababga ko‘ra haqiqiy bayramga aylandi: birinchidan, bu uning birinchi kichik yubileyi, ikkinchidan, u buni “Energetik” yozgi taʼtil maskanida nishonladi va juda ko‘plab yangi do‘stlar uni tabriklashdi. Uchinchi sabab esa, bolaning so‘zlariga ko‘ra, asosiysi, bu uning yangi aka-uka va opa-singillari davrasidagi birinchi tug‘ilgan kuni.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Qurbonovlar oilasi besh qiz va bir o‘g‘ilni asrab olgan edi. Ularning 12 xonali ikki qavatli uyida, hozirda 9 nafar bola yashaydi. Bolajonlar kelishi bilan uy nurga to‘lib, hozirda barcha do‘stona muhitda baxtli oila bo‘lib yashamoqda.