Bolalar har bir mamlakatning ulkan boyligi, katta salohiyatga ega strategik resurslaridan biridir. Bolalarga gʻamxoʻrlik dunyoning barcha mamlakatlarida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.
Bolalik inson hayotining ajralmas davri, taʼbir joiz boʻlsa, katta marraning boshlangʻich nuqtasi. Zero, “bola boshidan” degan hikmatli naql xalqimiz tomonidan bejizga aytilmagan.
Shubhasiz, yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida taʼlim va tarbiyaning, oila hamda katta avlod vakillarning oʻrni beqiyos.
Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Shirin mehrim” nomli Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan yigit-qizlarning muammolarini oʻrganish,kelgusidagi maqsadlari bilan tanishish hamda ularga yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida viloyat “Qoʻriqlash” boshqarmasi masʼullari tashrif buyurdi.
Mehmonlarga kelgusi rejalari,turli toʻgaraklarda oʻrgangan bilimlarini soʻzlab bergan yoshlar ushbu xonadonda haqiqiy baxt,oila nima ekanligini anglaganliklarini eʼtirof etishdi.
Ochiq muloqot tugaganidan soʻng, bir guruh yigit-qizlarga zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishga koʻmak berish maqsadida Toshkent viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi masʼullari tomonidan kompyuter jamlanmalari topshirildi.