O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5215-sonli Qarori O‘zbekistonda bu borada qator islohotlar kechishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetda yangi tashkil etilgan “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyachilari malakasini oshirilishi yuzasidan o‘quv kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida 2021 yil oktyabr oyidan 2022 yil may oyigacha sayyor dars mashg‘ulotlarini tashkil etadilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan joriy yilning 22 noyabrdan 4 dekabr kuniga qadar Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyida 35 nafar tarbiyachilarining malakasi oshirildi.
Malaka oshirish o‘quv kursi so‘nggida o‘zlashtirilgan bilimlarni sarhisob qilish maqsadida ushbu tinglovchilardan yakuniy imtihonlar olindi. Imtihonlar 2 bosqichda amalga oshirildi. 1 bosqichda tarbiyachilar malaka oshirish kursi davomida professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilgan materialllar asosida shakllantirilgan test topshirdilar. Ushbu testlarni tarbiyachilar muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng, 2-bosqichda bolalarni ijtimoiy himoyalash masalalariga bag‘ishlab tayyorlab kelingan ilmiy-tadqiqot shaklidagi referati taqdimotini bayon qilib berdilar.
Bugun o‘quv kursini muvaffaqiyatli bitirgan tarbiyachilarga tantanali ravishda sertifikatlar topishirildi. Ushbu marosimda Buxoro viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi, shahar xokimiyati masʼullari ishtirok etib, Mehribonlik uylari tarbiyachilarini o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlari bilan tabrikladilar hamda kelgusidagi faoliyatlarida ularga bildirilgan ishonchni oqlashlariga, fidoyi mehnat olib borishlariga tilaklar bildirdilar. Tadbir so‘nggida ishtirokchilar esdalik uchun rasmga tushdilar.