Viloyat Milliy gvardiya boshqarmalari hamda viloyat harbiy prokuraturalari tashabbusi bilan Termiz va Farg‘ona viloyatlarida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda yosh avlod o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarga harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini singdirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va maqsadli tashkil etish, shuningdek, kuch tuzilmalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida mahallalar kesimida o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida o‘quvchi-yoshlar uchun harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati haqida ma’lumotlar berildi, harbiy texnikalar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari va turli vatanparvarlik aksiyalari uyushtirildi. Shu bilan birga, ishtirokchilarga harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, harbiy burch va sharaf haqida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Tadbir ishtirokchilari orasida harbiy soha va yurt himoyasiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani, yoshlar o‘zlarining bilim va salohiyatini aynan shu yo‘nalishda sinab ko‘rishga intilayotganliklari kuzatildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu kabi uchrashuv va loyihalar yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, ularni sog‘lom va ijtimoiy faol hayot tarziga yo‘naltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.