Yozgi ta’til mavsumida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish maqsadida Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Urganch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bir qator vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlar Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etildi. Dastur doirasida bolalar uchun “Kamondan otish” bo‘yicha mahorat darsi, shuningdek shaxmat va shashka bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.
Mahorat darsida ishtirokchilar kamondan otishning asosiy qoidalari, xavfsizlik choralari va to‘g‘ri nishonga olish texnikalari bilan yaqindan tanishdilar. Bolalar ushbu sport turi bilan tanishib, o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shaxmat va shashka bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar esa oromgohda sog‘lom raqobat muhitini yaratib, bolalarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qildi. G‘olib va faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir davomida bolalar bilan Vatanga muhabbat, harbiy xizmatga hurmat, tinchlik va xavfsizlikni asrash kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar ham o‘tkazildi. Milliy gvardiya muddatli harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan ko'rgazmali chiqishlar esa tadbirga alohida ruh va qiziqish bag‘ishladi.
Bunday tadbirlar yosh avlod qalbida yurtga sadoqat, vatanparvarlik va ijtimoiy faollik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.