Poytaxt maktablarida inspektor-psixologlar Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari ichki ishlar organlari xodimlari bilan birgalikda maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik suhbatlar o‘tkazmoqda. Tadbir qatnashchilarining eʼtibori taʼlim olishning muhimligi, darslarda o‘z vaqtida qatnashish va uyga vazifalarni bajarishga masʼuliyat bilan yondashish kerakligiga qaratildi. Sababsiz dars qoldirayotgan o‘quvchilar ko‘pincha qonunga xilof faoliyatlarda qatnashayotganligiga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari huquqbuzarlik sodir etishining boshqa sabablari va oqibatlari batafsil tushuntirildi. Bundan tashqari, uchrashuv qatnashchilariga bolalarining o‘tkir tig‘li buyumlar olib yurganligi uchun javobgarlik borligi, maktab o‘quvchisining janjal vaqtida pichoq ishlatish holatlari bo‘lganligi haqida maʼlumot berildi.
Inspektor-psixologlarning o‘smirlar bilan ishonchli munosabatlarni o‘rnatish, bolalarda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni qanday uyg‘otish kerakligi bo‘yicha tavsiya va maslahatlari foydali bo‘ldi.