Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga joriy yilning avgust oyida Buvayda tumanidan bo‘lgan oila qo‘shni respublikaga ishlash uchun ketgani, biroq er-xotin ish topa olmasdan moliyaviy tarafdan juda qiyin ahvolda ekanligi, shuningdek, ularning yonlarida Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 23-son umumiy o‘rta taʼlim maktabining 4 va 7-sinfining o‘quvchilari bo‘lgan ikki nafar farzandlari borligi haqida xabar kelib tushgan. Shu bilan birga bu oila o‘z vatanlariga qaytishni iloji yo‘qligi va bu yuzaga kelgan muammolar tufayli o‘g‘illarining maktabga borib, taʼlim olishga imkoni yo‘qligi bo‘yicha maʼlumot olingan.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Bolalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Q.Toshdonov Buvayda tumaniga borib, ushbu oilaning yaqinlari bilan uchrashdi, sharoitlar bilan tanishib, internet orqali oila boshlig‘i bilan bog‘landi va barcha tafsilotlar to‘g‘risida maʼlumot oldi. Asosiysi keyingi harakatlar bo‘yicha tavsiyalar berilib, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda oilani o‘z vataniga qaytarish choralari ko‘rildi.
Bugungi kunda bu oila o‘z uyida va farzandlar taʼlim olish uchun qadrdon maktabida bilim olmoqda. Qoldirilgan dars soatlarini qayta o‘zlashtirish uchun bolalarga qo‘shimcha bilimlar berish maqsadida individual darslar berilishi yo‘lga qo‘yildi.