Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi Oilaviy bolalar uyining 14 nafar farzandlariga Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi tomonidan Vobkent tumanidagi "Porloq kelajak" bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida dam olish uchun yoʻllanmalar taqdim etildi.
Bolajonlar toza havoda hordiq chiqarish bilan birga, ot minish, vеlosipеd boshqarish hamda turfa gullardan gulchambarlar yasashni oʻrganishdi.
Shuningdek, turli fanlar boʻyicha to‘garaklarda bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashmoqda.
Eʼtirof etish joizki, oromgohda yoshlar oʻzlari yoqtirgan mashgʻulotlari bilan shugʻullanish imkoniga ega boʻlib, ajoyib zargarlik buyumlarini yasash, badiiy kitob oʻqish, rasm chizish, shеʼr yozish yoki qoʻshiq kuylash yoʻnalishlarida ham oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishmoqda.
Shu bilan bir qatorda, oromgohda yoshlar uchun turli maʼnaviy-madaniy tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etilib, ularning maroqli dam olishlari taʼminlanmoqda.