Toshkent viloyati hokimligi va Chirchiq shahar hokimligi tomonidan Milliy gvardiya bilan hamkorlikda voyaga yetmagan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ular o‘rtasida vatanparvarlikni targ‘ib qilish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun poytaxtimizdagi "G‘alaba bog‘i"ga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida tarbiyalanuvchilarga 2-Jahon urushida qahramonlarcha halok bo‘lgan ota-bobolarimiz hamda harbiy texnika, qurol va boshqa eksponatlar haqida maʼlumotlar berildi. "G‘alaba bog‘i"ga sayohat davomida yoshlar urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalarni aks etgan kompozitsion majmualarni katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ayniqsa, bog‘ hududida yangrab turgan Ikkinchi jahon urushi davriga xos musiqa va qo‘shiqlar tarbiyalanuvchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.