Poytaxtimizdagi 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari xushxabar bilan bo‘lishdilar: ularning 9-sinfni tamomlagan olti nafar bitiruvchisi o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga o‘qishga kirdi. Jumladan, ikki nafari I. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali qoshidagi Ixtisoslashtirilgan akademik litseyi o‘quvchisi bo‘ldi, shuningdek, to‘rt nafar qiz Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida tikuvchilik va oshpazlik yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
O‘quvchilar allaqachon litsey qoshidagi yotoqxonaga joylashdi, guruhdoshlari bilan ham yaqindan tanishishga ulgurdi. Qizlar hali ham birga, lekin tez orada ular ham tengdoshlari bilan do‘stlashadi.
“Mehribonlik” uyi tarbiyachilari va tarbiyalanuvchilari bolalardan xursand: Axir, kasb tanlash, bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish, o‘zingizga yoqadigan ish topish juda muhim.