Ismoilova Muhabbat va Usmonov Azizbek tengdosh boʻlib, ularni nafaqat yoshlari birlashtiradi, balki taqdiri ham bir xil: ota-onasiz bolalik.
Ikkalasi ham Andijondagi Bolalar shaharchasida ulg‘aygan boʻlib, ular oʻn yildan koʻp vaqt davomida uy-joy bilan taʼminlanishini kutgan.
Hozirda Muhabbatning uch farzandi bor. Bu vaqt davomida u bolalari bilan oshxona, hojatxona va hammomi umumiy boʻlgan, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan yotoqxonadagi xonani ijaraga olib yashagan.
Shuningdek, Azizbek ham bu kabi qiyin sharoitda yashab kelgan. U Andijonning bir chekkasidagi yotoqxona xonasini ijaraga olgan. Qahramonimiz o‘tgan yili Andijon mashinasozlik institutiga o‘qishga kirgan va, albatta, bu vaqt davomida u oʻz uyi boʻlishini orzu qilgan.
Kuni kecha Azizbek va Muhabbatga yangi xonadon kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Milliy gvardiya va mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruhlar Mehribonlik uyining 30 yoshgacha bo‘lgan sobiq bitiruvchilarining yashash sharoitlarini o‘rganishi hamda uy-joyga muhtoj, yashash uchun moʻljallanmagan, belgilangan sanitariya meʼyorlari, yongʻin xavfsizligi va texnik talablarga javob bermaydigan turar-joylarda istiqomat qilayotgan yoshlarni roʻyxatini shakllantirilishi bu kabi ezgu ishlarning amalga oshishiga sabab boʻldi .
Ikki nafar qahramonimizning hikoyasi shunday baxtli yakun topdi.
Darvoqe, Bolalar shaharchasining sobiq bitiruvchilari endi Andijon viloyatidagi Saddatagi mahallasida qo‘shni boʻlib istiqomat qilishadi.