Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasida viloyat harbiy prokuraturasi, Qo‘riqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda, viloyatdagi oilaviy bolalar uyi farzandlari hamda harbiy xizmatchilar farzandlarini qishki taʼtil kunlarini yana-da maroqli o‘tkazish maqsadida, “Harbiy qismda bir kun” shiori ostidagi ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.
O‘z faoliyatlarini harbiy libos kiyish bilan boshlagan tadbir ishtirokchilari harbiy xizmatchilarning harbiy hayoti, jangovar va taktik mashg‘ulotlarini kuzatish, aqliy va jismoniy salohiyat kasb etadigan harbiylik kasbining naqadar sharafli ekanligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘zlarida ham vatanparvarlik tuyg‘ulari mujassam ekanligini yashirib o‘tirishmadi.
Kun tartibiga muvofiq yoshlar, boshqarmada tashkil etilgan kutubxona hamda muzey faoliyati, psixologik xizmat ko‘rsatish sifatini, harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqishdi, shuningdek, yoshlar uchun harbiy qismda tushlik tashkil etilib, harbiycha dasturxon bezatildi.
Kunning ikkinchi yarmida esa, maxsus xizmat itlari chiqishlarini tomosha qilish bilan bir qatorda, bugungi kunda tobora ommalashayotgan sport turi bo‘lgan kamondan otish sport turi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar tashkil etilib, yoshlar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Bunday maʼnaviy-maʼrifiy va sport-sog‘lomlashtirish kunlarini muntazam o‘tkazish yoshlarimizni vatanparvalik ruhida tarbiyalashga zamin yaratishi, shubhasiz.