O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 09 avgust kunidagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5215-sonli Qaroriga muvofiq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hamda Shahrisabz shahrida “Oilaviy bolalar uy”lari tashkil etildi.
Shahrisabz shahri “Kulollik” MFYda istiqomat qiluvchi D.Quyliyeva 6 nafar bolalarni, Kitob tumani “Sohibkor” MFYda yashovchi G.Norboboyeva 5 nafar bolalarni Qamashi tumanida joylashgan 4-sonli Mehribonlik uyidan o‘z qaramog‘lariga olib, oila muhitida tarbiyalashga bel bog‘ladilar.
Bugun mazkur tashkil etilgan “Oilaviy bolalar uy”larining tantanali ravishda ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘tkazilgan tadbirga viloyat Xalq ta’limi hamda Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasining mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda ishtirok etgan keng jamoatchilik vakillari mazkur xayrli ishga qo‘l urgan xonadon sohiblariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida bu bolajonlar vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishishida zafarlar tilashdi.