Oyatullo Hakimov Maqsujon Mirzaev singari Qo‘qon shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi. U 2014-yili 16 yoshga to'ldi va 2016- yildan buyon uy-joy bilan ta`minlanishini kutdi, ammo kutish ancha uzoqqa cho`zildi...
Oyatullo Qo`qon shahri " Davronbek" mahallasida joylashgan pishiriq ishlab chiqaruvchi korxonaning omboridagi xonada yashashga majbur bo‘lgan. Shu davr mobaynida u mazkur korxonada ishlagan. Aytish kerakki, sharoit va qulayliklar umuman sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasdi.
Davlatimiz Rahbarining 2022-yil dekabr oyida Toshkent shahri Uchtepa tumaniga tashrifi yakuni boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Mehribonlik uylari sobiq bitiruvchilarining yashash sharoitlarini zudlik bilan oʻrganish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish vazifasi qoʻyilganidan soʻng, vaziyat tubdan oʻzgardi…
Qo‘qon shahar hokimligi, Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo`yicha boshqarmasi vakillari tomonidan Bog‘dod tumani markazidagi “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘inida yangi xonadon kalitlari Oyatulloga tantanali ravishda topshirildi.
U katta hayajon bilan koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun, shuningdek, orzularining ro`yobga chiqishida ko`mak bergan Prezidentimiz hamda masʼul rahbarlarga oʻzining cheksiz minnatdorchiligini izhor qildi.– Xonadon yorug‘, keng, qulay, zarur mebel, maishiy texnika bilan ta’minlangan. Mahalladagi qo‘shnilar meni iliq kutib olib, samimiy tabriklashdi. Bir so'z bilan aytganda, hayot yaxshilanmoqda.