“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti vakillari Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini sayohatga taklif qilishdi. Bolalar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan tog‘larda miriqib dam oldi. Avvaliga bolalar dor yoʻli orqali baland tog‘larga chiqishdi. O‘g‘il-qizlar tog‘ manzaralariga oʻzgacha mehr qo‘yib, tarbiyachilar nazorati ostida so‘qmoq bo‘ylab harakat qildilar, shuningdek, ilk marotaba chana va chang‘i uchib koʻrishdi.
Shu bilan bir qatorda, kun boʻyi maxsus o‘yin maydonchalarida maroqli hordiq chiqardilar.
Charchagan, lekin zavqqa toʻlgan bolajonlar kechki tanovuldan soʻng, katta taassurotlar bilan uyiga qaytishdi.