Bolalarning barchasi qobiliyatli ekanligiga 22-sonli Toshkent “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari dam olayotgan “Mehribon” sog‘lomlashtirish oromgohi tarbiyachilari amin bo‘ldilar. Kuni kecha ushbu oromgohda “Yangi usuldagi eski ertaklar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovga bolajonlar katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rdilar. Bolajonlar uchun eng qiziqarli va qiyin jarayon ertak tanlash bo‘ldi. Har bir ishtirokchi o‘zi taklif qilgan ertakni sahnalashtirish uchun astoydil harakat qildi. Kimdir qurʼa tashlash usuli bilan ertak tanlaymiz desa, yana kimdir tarbiyachilardan maslahat olishni taklif qildi. Tayyorgarlikning qolgan qismi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Bolalar o‘zlarining “eski yangi ertaklari”ni sahnalashtirish uchun ssenariy yozdilar, rollarni bo‘lib oldilar, sahna ko‘rinishi uchun kostyumlar o‘ylab topdilar va juda ko‘p repetitsiya qildilar.
To‘g‘ri, tanlov kuni bolalar ancha hayajonlandilar, ammo kuzatuvchilar va qo‘llab-quvvatlovchilarning olqishlari ularga dalda bo‘ldi.
Ko‘rik-tanlov juda ajoyib tarzda bo‘lib o‘tdi.
Tomoshabinlarga hammaga maʼlum, eski ertaklarning yangi yakunini ko‘rish qiziq bo‘ldi. Eng aosiysi, bolajonlar tabiatan iqtidorli ekanliklarini yana bir bor isbotladilar. Shunchaki ulardagi iqtidorni vaqtida anglash va rivojlantirish zarur.