Poytaxtimizning Uchtepa tumanida joylashgan “Oilaviy” turar-joy kompleksida istiqomat qiluvchi bolalar va 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining Milliy gvardiya tasarrufidagi harbiy qismga sayohati tashkil etildi.
Tadbir davomida bolalarga harbiy xizmat, jismoniy va jangovar tayyorgarlik jarayonlari haqida maʼlumotlar berilib, mehmonlar uchun kamondan o‘q otish va otda yurish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, harbiy qism mehmonlariga harbiy texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etilib, faol qatnashgan yoshlarga mototsikllarga minish imkoni berildi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari tadbir
ishtirokchilarida bir olam taassurot qoldirdi. Bundan tashqari kinologlar buyruqlarini itoatkorlik bilan bajarayotgan xizmat itlari bolajonlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Uchtepa tumani “Qo‘riqlash” boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan ochiq eshiklar kunidan esdalik sifatida bolajonlarda nafaqat yorqin xotiralar balki, Vatan himoyachilari bilan birgalikda tushilgan fotosuratlar ham qoldi.