Poytaxtimizdagi A. Xlebushkina nomidagi 22-sonli "Mehribonlik" uyi tarbiyalanuvchilari so‘nggi qo‘ng‘iroqqa bag‘ishlangan tadbirdan fotolavhalar yo‘llab, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Bolalar o‘zlari tahsil olayotgan Chilonzor tumanidagi 128-sonli maktabning naqadar chiroyli bezatilganligi, bitiruvchilarga tantanali ravishda tadbir tashkil qilingani hamda bildirilgan iliq tilaklar haqida so‘zlab berishdi. Tadbir davomida o‘g‘il-qizlar prezident tabrigini hayajon bilan tinglashdi.
Rasmiy qismdan so‘ng, an'anaga ko‘ra, so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi va shu bilan bir qatorda o‘tgan o‘quv yili uchun o‘qituvchilarga ham minnatdorchilik e'lon qilindi.
Bitiruvning badiiy qismida o‘quvchi yoshlar tomonidan namoyish etilgan raqslar, kuylangan qo‘shiqlar hamda ifodali she'rlar barcha ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.