Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan Tomdi tumanidagi 5 ta oilaviy bolalar uyidagi bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirokida Buxoro shahriga sayohat tashkil etildi.
Asosiy maqsad o‘g‘il-qizlarimizni o‘zlikni anglash, tarixni bilish, ajdodlar ruhi va maʼnaviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Ko‘hna zaminga tashrif buyurganlar masjid, madrasa, minoralar haybatidan taʼsirlandilar. Sayohat davomida bolajonlar maqbaralarni ziyorat qilib, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega rivoyatlarni katta qiziqish bilan tinglashdi. Shuningdek, ota-bobolarining olis davrdagi shijoati, ularning orzu umidlari, maqsadlari bilan yaqindan tanishib, ahillik, yuksak ilm poydevoriga bunyod etilgan inshootlar sehru jozibasi ularda katta taassurot qoldirdi.
Mazkur Buxoro shahriga uyushtirilgan sayohat bolajonlar qalbida yoqimli xotira bo‘lib o‘rin oldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.