Tadbirda harbiy xizmatchilarning farzandlari, Oilaviy uylarda tarbiyalanayotgan bolalar, yosh sportchilar hamda murakkab tarbiya talab etuvchi oʻsmirlar ishtirok etdilar. Ularning har biri uchun bu kun — oʻz iqtidorini namoyon etish, doʻstlar orttirish va kelajak haqidagi orzularga yana bir qadam yaqinlashish kuni boʻldi.
Bolalar harbiy mashinalarga chiqib qoʻrishdi, harbiy texnika tuzilishi bilan tanishishdi, gvardiyachilardan qahramonlik va mardlik haqida hikoyalar tinglashdi. "Qanday qilib gvardiyachi boʻlish mumkin?", "Qaysi sport turlari bilan shugʻullanish kerak?" — degan savollar bolalarning qiziqish bilan toʻlib-toshgan koʻzlarida javob izlayotganini koʻrsatardi.
Gvardiyachilar tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar esa barchani toʻlqinlantirib yubordi — olqishlar toʻxtamadi, bolalar oʻzlarini kelajakda shunaqa mard vatanparvarlar deb tasavvur qilishdi.
Oʻsmirlar kamondan otish, ot minish boʻyicha mahorat darslarida oʻz kuchini sinab koʻrishdi. Aql-zakovati boʻlmish shaxmat-shashka oʻyini ham qizgʻin kechdi. Tadbirning eng jajji ishtirokchilari batutda sakrab, bayram kayfiyatini yanada baland qilishdi.
Tadbir yakunida qoʻgʻirchoq teatri artistlari tomonidan sahnalashtirilgan mini-spektakl va musiqa, raqslar bilan boyitilgan konsert barchaga birdek manzur boʻldi.
Bu bayram nafaqat bolalar uchun, balki ular bilan birga qatnashgan kattalar uchun ham ezgu xotira boʻlib qoldi.