Bugun yurtimizda yosh avlodning intellektual rivojlanishi, maʼnaviy va jismoniy kamoloti yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur jarayonlarda bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, mamlakatimizda ijtimoiy sohaga alohida eʼtibor qaratilib, taʼlim, sog‘liqni saqlash tizimida izchil islohotlar ko‘lami tobora ortib bormoqda.
Kuni kecha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Respublika "Mehribonlik uylari" sog‘lomlashtirish oromgohida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent viloyati bosh boshqarmasi vakillari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi partiya deputatlari, Bo‘stonliq tumani hokimligi mutasaddilari, O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi va jamoasi ishtirok etishdi. Oromgohda o‘tkazilgan tadbirda dam oluvchi bolalar stol tennisi, kamondan o‘q otish, arqon tortish musobaqalari kabi bellashuvlarda kuch sinashib, g‘olib bo‘lganlar hamda mutassaddi xodimlar tadbir tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, oromgohda bayram dasturxoni tashkil etilib, bolajonlarga milliy taomimiz hisoblangan osh tortiq qilinli.
Shu bilan bir qatorda, Milliy gvardiya Toshkent viloyati bosh boshqarmasi orkestri hamda Nurafshon shahar madaniyat bo‘limi tomonidan tashkillashtirilgan tadbirning badiiy qismida yosh, iqtidorli xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqs ansambllarining chiqishlari bolalarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.