Buxoro viloyatidagi "Oilaviy bolalar uyi"ning ijodda, o‘qishda, sportda o‘zini namoyon etgan 20 nafar farzandlari uchun Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi asosida Vobkent tumani "Porloq kelajak" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam olish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Bu yerda bolajonlar ochiq havoda hordiq chiqarishib, intellektual bellashuvlarda qatnashmoqda.
Dam olish davomida kimdir ot minishni, kimdir velosiped boshqarishni hamda turfa gullardan gulchambarlar yasashni o‘rganmoqdalar.
Eʼtirof etish joizki, oromgohda yoshlar o‘zlari yoqtirgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lib, o‘z qo‘llari bilan ajoyib zargarlik buyumlarini yaratish, o‘qish, chizish, sheʼr yozish yoki qo‘shiq kuylash ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilayotir.
Shu bilan birga, oromgohda yoshlar uchun turli maʼnaviy-madaniy tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etilib, ularning maroqli dam olishlari taʼminlanmoqda.