Salomatlikni hech qachon moddiy boylik va mablag‘ evaziga sotib olib bo‘lmaydi. Inson sog‘lom boʻlgandagina baxtli yashashi mumkin. Salomatlikni mustahkamlash sirlarini chuqur bilish va salomatlikni asrashning yagona yo‘li – sog‘lom turmush tarzi ekanligini bolajonlarimizga yoshligidan tushuntirish esa har birimizning burchimiz.
Ayni shu sababdan, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan viloyatdagi Oilaviy bolalar uyi farzandlarining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarni barvaqt oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga rioya etishda to‘g‘ri tavsiyalar berish maqsadida viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rikka markazning terapevt, xirurg, pediatr, okulist, lor, travmatolog (ortoped), nevropatolog, stomatolog kabi malakali shifokor mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, jami 43 nafar bolajonlar uchun tegishli tekshiruvlar amalga oshirildi. Tekshiruv natijalariga koʻra, maslahatlar berilib, shikoyat bilan murojaat etgan bemorlarga boʻlsa, zudlik bilan davolash choralari ko‘rildi.
Shu bilan birga, tibbiy ko‘rik davomida ularga sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda doimiy jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, sanitariya va gigiyena talablariga rioya etish, to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga amal qilish borasida tegishli tavsiyalar berildi.