Buxoroda “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida velomarafon bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy gvardiya ayol harbiy xizmatchilari, Oilaviy bolalar uyi farzandlari va ularning onalari ishtirok etdi.
Marafon avvalida soʻz olganlar jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish hamda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaro birinchi navbatda oʻzi va oilasi uchun sogʻlom muhit yaratishini alohida taʼkidlashdi.
Mazkur sport tadbirida shahar va tumanlardan tashrif buyurgan ikki mingga yaqin shijoatli va faol xotin-qizlar Buxoro xalqaro aeroportidan Bahovuddin Naqshband ziyoratgohigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi.
Yakunda finishga birinchi bo‘lib kelgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.
Aholining talab va xohishlariga binoan bu kabi sport tadbirlari Buxoroning barcha tumanlarida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.