Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida joriy qilingan yangi tizim va unda belgilab berilgan aniq va maqsadli vazifalar mehridaryo xalqimiz qalbidan joy olib ulgurdi.
Bugungi kunga kelib respublikamiz bo‘ylab Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini o‘z qaramog‘iga olayotgan oilalar soni ko‘payib borayotgani, shuningdek olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot, psixologik tushuntirish ishlarining samarasida Mehribonlik uylarida bironta qalbi o‘ksik bolajon qolmasdan ushbu muassasalar eshiklari butkul yopilayotganligi fikrimiz dalilidir.
Bugun ham ana shunday quvonchli kun, Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Mattiyev Mehriddin hamda uning turmush o‘rtog‘i Rajabova Nilufarlar muassasaning so‘ngi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 7 nafar bolakaylarni o‘z bag‘riga olib, viloyatimiz hududida qariyb 20 yil davomida yetim va ota-ona mehriga zor bo‘lgan bolajonlarni tarbiyalab kelgan "Mehribonlik uyi"ning eshiklarini butkul yopishda o‘z hissalarini qo‘shishdi. Taʼkidlash joiz, bugun bolajonlar necha yillab yo‘liga ko‘z tikkan o‘z ota-onasiga ega bo‘ldilar. Bolalarning ota-onasi esa go‘daklarni bag‘riga bosar ekan, ularning yillar davomida qanchalik sog‘inchda va mehrga talpinib hayot kechirganini xayoldan o‘tkazdilar. Mehribonlik uyi rahbariyati hamda tarbiyachilari esa, quvonch ko‘zyoshlari bilan "Mehribonlik uyi" eshiklarining butkul yopilayotganligidan behad xursand bo‘lishib, bolakaylarga keyingi hayotlarida oq yo‘l tilashdi.
Aytish kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi tizim asosida Milliy gvardiya masʼullari hamda Mehribonlik uyi maʼmuriyati tomonidan olib borilgan xayrli tashabbuslar natijasida, viloyatimizda 9 ta "Oilaviy bolalar uyi" tashkil etilib, qariyb 80 nafarga yaqin bolajonlarning orzusi amalga oshdi.
Eʼtirof etamiz, bolajonlarning ertangi kunini o‘ylagan holda amalga oshirilayotgan xayrli tadbirlar davom ettirilib, yurtimizda bitta ham yetim bolalarning qolmasligi uchun qilinayotgan bu kabi tashabbuslar bardavom bo‘lay.