19 fevral kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bazasida yopiq inshootlarda kamondan otish sporti boʻyicha barcha yosh toifalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatiga start berildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Milliy gvardiya, Kamondan otish federatsiyasi, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari va viloyatdagi sport maktablarining kamondan otish sporti boʻyicha murabbiylari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi tomonidan olimpiya va paralimpiya oʻyinlariga kiritilgan sport turlariga qaratilayotgan eʼtibor hamda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, 2021 yil 17 iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-5149 sonli qarori qabul qilinganligi, milliy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan qadimiy Kamondan otish sport turini mamlakatimizda rivojlantirishga hamda milliy terma jamoamiz saflariga mahoratli sportchilarni saralab olishga keng xizmat qilayotganligi alohida qayd etildi.
Xalqaro arenalarda kamonchilarimizning zafarli yurishlari, erishilayotgan natijalari hamda yutuqlari aytib oʻtildi va musobaqa ishtirokchilariga omad tilab, bellashuvlarga start berildi.
Chempionat 19-22 fevral kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, dastlabki kunda Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 300 ga yaqin atletlar, 4 ta yosh toifasida (kattalar, yoshlar, oʻsmirlar va kichik oʻsmirlar) oʻtish bahslarida (kvalifikatsiya) ishtirok etdilar.
Qizgʻin kechayotgan bahslar davomida sportchilar oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazish bilan bir qatorda, xalqaro toifadagi murabbiylar va professional sportchilar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ham ega boʻlmoqdalar.
20 fevral kuni atletlar Olimpik raund yoʻnalishida bahslarga kirishishadi.
Mazkur musobaqalardan soʻng aynan ushbu sport majmuasida 25-28 fevral kunlari para kamondan otish boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtadi.
Musobaqa tafsilotlari va natijalari haqida rasmiy sahifalarimiz orqali batafsil maʼlumotlarni berib boramiz.