Milliy gvardiya psixolog-mutaxassislari Farg‘ona viloyatidagi oilaviy bolalar uylari ota-onalari bilan birgalikda oilaning to‘ng‘ich farzandlariga o‘zlariga mos ish tanlashida yordam berishmoqda. Buning uchun masʼullar yigit va qizlar bilan suhbatlashib, ulardan qiziqishlari hamda bo‘sh vaqtlarida nimalar bilan dildan shug‘ullanishlari haqida so‘rab o‘rganmoqda. Shundan so‘ng, o‘smirlarning qiziqishlariga qarab qaysi kasblar to‘g‘ri kelishi va bu kasblarning qanday istiqbollari borligi haqida atroflicha tushuntirishlar berishdi. Bolalarning ilmiy yo‘nalishlarga ham qiziqishlari harbiylarni quvontirdi. Ko‘pchiligi kimyo, fizika, biologiya va hatto genetika haqida ham bilishni istashlarini aytishdi. Bolalar shuningdek, kompyuter savodxonligi, IT sohasiga ham qiziqish bildirishdi. Qizlarga aniq va tabiiy fanlardan tashqari chevarlik va soch turmaklash ham yoqishi maʼlum bo‘ldi.
Yuqorida bolalar qiziqish bildirgan sohalarni o‘rganish hamda dunyoqarashni kengaytirish uchun kitoblar va kerakli uskunalar zarur bo‘ladi. Bu borada esa “Mehr daftari” elektron platformasi o‘z hissasini qo‘shadi.
Kasb-hunar o‘rganish yorqin kelajak sari qo‘yilgan mustahkam qadam bo‘lib xizmat qiladi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta kasb sir asrorlarini o‘zlashtirish esa mustaqil hayotda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka yordam beradi – deydi bolalar.