Bolalik - bu inson hayotidagi eng yorqin xotiralarga boy davr hisoblanadi. Har bir narsa hayajonli, qiziqarli va betakror boʻlib tuyuladi. Xuddiki har qanday orzusi amalga oshayotganday. Ammo bu holatlar har doim ham bolaga bogʻliq emas, koʻp narsa uning yonida boʻlgan kattalarning qoʻlida.
Shu sababli ham Oilaviy bolalar uylarining tashkilotchilari bir vaqtlar ota-onalarining mehr-muhabbati va eʼtiboridan mahrum boʻlgan bolalarning orzu-umidlarini amalga oshirish uchun imkon qadar harakat qilishmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida istiqomat qiluvchi Narchayevlar oilasi farzandlari uchun Buxoroga sayohat tashkil etildi.Bolajonlar sayohat qilishni, yangi shaharlar bilan tanishishni, bunyod boʻlish tarixini oʻrganishni, afsonalar va anʼanalarni tinglashni yaxshi koʻradi. Oʻgʻil-qizlar qadimiy Buxoroni ziyorat qilishni juda xohlashgandi. Va nihoyat, ularning orzulari ushaldi. Kun davomida ular shahar boʻylab aylanib, tarixiy obidalarni tomosha qilishdi.