Maktablarda taʼlim olish bilan bir qatorda, o‘quvchilar uchun sport hamda qiziqishiga qarab qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalar beradigan turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarning sevimli mashg‘ulotlari ko‘pincha kelajakdagi kasbiga birinchi qadam bo‘ladi.
Shu maʼnoda, Buxoro shahridagi 8-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan "Kasblar dunyosiga sayohat" mavzusidagi tadbir maktab o‘quvchilari uchun kasblar to‘g‘risida maʼlumotlar oladigan va qaysi mutaxassisliklar ularga yoqishini va mos kelishini tekshiradigan maydonga aylandi.
Tadbirga Buxoro tumanidagi “Zarmanok” MFYda istiqomat qiluvchi Behbutovlar Oilaviy bolalar uyining farzandlari ham taklif etildi.
Tadbir doirasida turli kasblarning taqdimotlaridan tashqari, maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan buyumlar va ijodiy ishlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Barcha ishtirokchi bolalar mamnun bo‘lishdi. Darhaqiqat, kasblar bilan tanishishdan tashqari, ular rasm chizish, xalq amaliy sanʼati bilan shug‘ullanadigan tengdoshlari bilan uchrashdilar. Bu kun ularni o‘zlarining ijodiy ishlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.