Joriy yilning 25 yanvar sanasida 18 bahorini qarshilagan Madinaxon Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi 1- sonli Kasb-hunar Maktabining birinchi bosqichida tahsil olib kelmoqda. Taqdir taqozosi bilan ota-onasidan yetim qolgan Madinaxon 2016 yildan beri, vasiylikka olgan opasi Marhabo bilan birga yashab keladi.
Kuni kecha Madina Erkayevaga Bog‘dod tumani markazida qad ko‘targan ko‘p qavatli uylardan zamonaviy taʼmirlangan va barcha sharoitlarga ega bo‘lgan ikki xonali xonadon kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi, Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi masʼullari va keng jamoatchilik ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘z olganlar ushbu xonadonda Madinaga faqat yaxshi kunlar hamroh bo‘lishiga tilakdosh bo‘ldilar.
Madinaning ertangi kundan ko‘ngli to‘q, kasb-hunar maktabini bitirgach muayyan daromadli ishga ega bo‘ladi, ota-onasidan yodgor qolgan yakkayu-yagona opasi borligidan xursand bo‘lgan Madinaning endi o‘z uyi ham bor.
Huddi shunday quvonchli va esda qolarli kun, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Behruzbek Qoraboyev va O‘zbekiston tumanida yashovchi Qanoatxon Xolmatovalarga ham nasib qildi.
Behruzbek va Qanoatxon 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilib, ota-onasidan erta ajralgan ushbu yoshlar vasiylik asosida taʼlim-tarbiya olishdi. Kuni kecha yoshlarning hayotida muhim hodisa ro‘y berdi va ularga yangi xonadon kalitlari topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik A. Musinov, Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari Yu. Yusupov, O‘zbekston tumani hokimligi masʼullari hamda nuroniylar, mahalla faollari ishtirok etdi.
Shu o‘rinda yoshlar ham yurtboshimiz hamda xalqimiz tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etdilar.