Navoiy viloyati Karmana tumanida istiqomat qiluvchi xonadon farzandlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli va foydali oʻtkazishlarini taʼminlash maqsadida kasb-hunar va fan toʻgaraklari tashkil etilgan.
Oila rahbarlari Milliy gvardiya Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi mutaxassis psixologlari bilan doimiy hamkorlikda farzandlarining qiziqishlarini inobatga olgan holda, mashgʻulotlarga muntazam yoʻnaltirmoqdalar.
Mazkur xonadonda qizlar tarbiya topayotganligi bois, bugungi mashgʻulot goʻzallik yaratish, yaʼni soch turmaklash va tirnoqlarni tartibga keltirish boʻldi.
"Ulgʻayganimda stilist yoki sartarosh boʻlaman" - deb orzu qilmagan qizaloq boʻlmasa kerak. Koʻzguni oldida soatlab sochlarini turmaklashga harakat qilgan qizchalar bugun mutaxassislardan professional darajada hunarni oʻzlashtirishga harakat qilmoqda.
Bugun ularning nozikkina qoʻl harakatlarini kuzatar ekanmiz, albatta ular oʻz kasblarini mohir ustalari boʻlib yetishishiga ishonamiz.