Bolalarni shartnoma asosida oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyiga olgan oila tutingan (foster) oila hisoblanadi. Bolalarni tarbiyalash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan shaxslar esa tutingan ota-onalar sifatida eʼtirof etiladi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi qanday toifadagi bolalar tutingan (foster) oilaga beriladi? Qonunchilikka muvofiq odatda yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan hamda xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilaga tarbiyaga beriladi. Mazkur jarayonda o‘n yoshga to‘lgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkinligi qoidasiga alohida ahamiyat qaratish joiz. O‘zaro qarindosh bo‘lgan bolalar, qoidaga ko‘ra, bitta oilaga beriladi. Tutingan (foster) oila joylashgan hududdagi vakolatli organ bolaning qonuniy vakili hisoblanadi hamda uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Tutingan (foster) oilada bolalar 18 yoshga to‘lishi yoki umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional taʼlim tashkilotlarini bitirguniga qadar tarbiyalanishi mumkin. Yana bir eʼtibor qaratishimiz lozim bo‘lgan asosiy jihatlardan biri oilaga tarbiyalash uchun ko‘pi bilan 5 nafar bola beriladi. Bunda oiladagi bolalarning umumiy soni, o‘z bolalari va farzandlikka olingan yoki tutingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga ko‘ra, 8 nafardan oshmasligi kerak. Bolalar tutingan (foster) oilalarga vakolatli organ bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi 893-son qarori bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tutingan (foster) oila g‘amxo‘rligiga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan muomalaga layoqatli voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari, oilaviy holatidan qatʼi nazar, tutingan ota-onalar bo‘lishi mumkin. Oilaviy bolalar uyiga bolalarni shartnoma asosida joylashtirish qisqa, uzoq muddatli va ixtisoslashtirilgan shakllarda amalga oshiriladi. Qisqa muddatli joylashtirish — hayoti va sog‘lig‘i xavf ostida bo‘lganligi, jumladan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni keyingi joylashtirish shakli belgilanguniga qadar ko‘pi bilan olti oygacha bo‘lgan muddatda tarbiyalash. Uzoq muddatli joylashtirish — yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ular 18 yoshga to‘lishi yoki umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional taʼlim tashkilotlarini bitirguniga qadar tarbiyalash. Ixtisoslashtirilgan joylashtirish — nogironligi bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olgan (patronat) tutingan ota-onalarga har bir tutingan bolaning parvarishi va taʼminoti xarajatlari uchun har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravari miqdorida, tutingan bolalarga kiyim-bosh va poyabzal xarid qilish uchun yilda bir marotaba mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida mablag‘lar to‘lanadi. Shuningdek, har bir tutingan bolani tarbiyalagani (parvarishlash) uchun tutingan ota-onaga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari (nogironligi bo‘lgan tutingan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida mablag‘lar to‘lanadi.