Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Oilaviy bolalar uyi faoliyatini yoʻlga qoʻygan va besh nafar qizni oʻz tarbiyasiga olgan Abdullayevlar oilasi bolajonlarda mehr-muhabbat tuygʻusini shakllantirishni eng muhim vazifalardan biri deb hisoblaydi.
Shu bois, Uygʻun Axtamovich va Barnogul Shomurodovnalar oʻzlari namuna boʻlgan holda, bolalarga teng darajada eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik koʻrsatishadi. Bu oilada barcha uy yumushlari bolalar oʻrtasida teng taqsimlangan. Ular bayram yoki marosimlarga ham oilaviy tayyorgarlik koʻrishadi.
Xususan, kuni kecha Xalqaro oila kunini qanday nishonlashni birgalikda rejalashtirishdi. Kelishilgan holda mazali taomlar tayyorlab, tabiat qoʻyniga sayohat qilishga qaror qilishdi.
Sayohat manzili Navoiy viloyatining Nurota tumani boʻldi. Oila aʼzolari soʻlim togʻ manzaralari bagʻrida dildan suhbatlashib, diqqatga sazovor boʻlgan joylardan zavqlanishdi.
Mazkur sayohatdan bolajonlar maʼnaviy hordiq chiqarib, oila muqaddas dargoh ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilishdi.