O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi va 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab ko‘plab vatanparvarlik tadbirlari tashkil etilmoqda.
Yoshlarni Vatanga sadoqat, muqaddas diyorga muhabbat tuyg‘ulari ila kamol topishiga ko‘maklashish maqsadida 21-sonli Mehribonlik uyining 30 nafar tarbiyalanuvchilari Milliy gvardiyaning Toshkent shahridagi harbiy qismlarining birida 2 kunlik sayohatini amalga oshirishdi. Harbiy hayotni his etish va bu orqali vatanga muhabbat tuyg‘usini yana-da oshirishni istagan bu yoshlarning bugun orzulari ushaldi.
Dastlab, yigitlar o‘zlari uchun harbiy kiyim-boshlarni qabul qilishdi. Ular harbiylarcha libos kiyar ekan, o‘zlarini oz bo‘lsada haqiqiy vatan himoyachisidek his qilgan bo‘lsa ajab emas. Tadbir avvalida, yoshlar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan uchrashib, ularning kundalik mashg‘ulotlari, hayot tarzi bilan yaqindan tanishtirildi.
Shundan so‘ng, tarbiyalanuvchilar uchun harbiy muhandislik tayyorgarligi bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar tashkil etildi hamda yoshlar maxsus himoyalovchi kiyimni ham kiyib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilar harbiy qismning shirin taomlaridan taʼtib ko‘rish bilan birga kun davomida olgan bilimlari va taassurotlarini bir-birlari bilan o‘rtoqlashdi. Oynai jahon orqali bo‘lsa, yurtimizda ro‘y berayotgan so‘nggi xabarlardan voqif bo‘lishdi.
Tashrifning ikkinchi kuni yoshlar kun tartibiga rioya qilgan holda navbatchining uyg‘on buyrug‘iga asosan tezkorlik bilan yangi kunni qarshi olib, kundalik mashg‘ulotlarga shay xolga kelishdi. O‘q otish mashg‘ulotlari malakali va ko‘p yillik boy tajribaga ega bo‘lgan ofitserlar tomonidan o‘tkazildi. Ayniqsa, tarbiyalanuvchilarning xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda ushbu mashg‘ulotni bevosita yo‘riqchilar nazorati ostida amalga oshirishi o‘smirlarda katta taassurot qoldirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qolaversa harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha ko‘rgazmali mashqlardan so‘ng, o‘smirlarda bu mashg‘ulotni ham o‘zlarida sinab ko‘rish xohishi paydo bo‘ldi va buni uddalashdi. Jarayonda ishtirokchilarning baʼzilari tepalikdan pastga qaraganda yuzaga kelgan hayajonini yengib o‘tib, mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashdi. Ayniqsa, qisqa fursatlarda bolalar tomonidan saf tayyorgarligi mashqlari aʼlo darajada o‘zlashtirilganligi tahsinga loyiqdir.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar uchun qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi hamda uddaburon, chaqqon, epchil tarbiyalanuvchilarga diplomlar topshirildi.
Yoshlar davlatimiz, armiyamiz tayanchidir. Mazkur ikki kunlik harbiy qismga bo‘lgan sayohat ham bolajonlarning dilida harbiy vatanparvarlik, mardlik va sadoqat tuyg‘ularini yana-da oshirishga xizmat qilganligiga hech shubha yo‘qdir.