Ko‘rik-tanlov tashkilotchilari - Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Xiva shahar hokimligi hamkorligida bo‘lib o‘tdi. Xiva shahridagi Oilaviy bolalar uylarida yashovchi yetti nafar qiz milliy va qo‘hna Xivaning o‘ziga xos milliy qadriyatlari, urf-odatlari, taomlari, kuy-qo‘shiqlari borasidagi bilimlarini nazariy va amaliy namoyish etishdi. Tanlov shartlariga ko‘ra, ular birinchi bosqichda o‘zlarini tanishtirdilar. Ikkinchi bosqich shartlardan biri bo‘lgan milliy liboslar tanlovi ham hakamlar hayʼati va yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilarning o‘zlari, ayniqsa, “Olimlar tanlovi” shartiga juda qiziqdilar. Bu shartda, ular o‘zlarining bilimdonligi, xorijiy tillarni bilishi, aniq fanlar va tabiiy fanlarni bilish qobiliyatini namoyon etdi. Oxirgi bosqichda ishtirokchilar o‘zlarini ijodiy namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Musobaqa natijalariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad qizlarni milliy qadriyatlarimiz asosida mustaqil hayotga tayyorlash, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonch, yashirin qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, sog‘lom raqobat muhitida muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.