Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi Oilaviy bolalar uyi farzandlarining dam olish kunini maroqli va mazmunli tashkil etish maqsadida Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tomonidan Zomin tumanidagi "Yulduzcha" bolalar dam olish oromgohiga sayohat tashkil etildi.
Bir kunlik sayohat davomida 26 nafar oʻgʻil-qizlar sportning futbol,badminton, kamondan otish va shaxmat-shashka turlari boʻyicha musobaqalarda ishtirok etib, imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida bolajonlar sanʼat yoʻnalishida ham oʻz mahoratlarini namoyish etib, tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi. Yoshlar tomonida kuylangan Vatan, ona hamda mehr haqidagi qoʻshiqlar, ifodali oʻqilgan sheʼrlar tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan kuylangan jonli ijrodagi taronalar yoshlarga mahorat maktabi vazifasini oʻtadi desak adashmagan boʻlamiz.
Shundan soʻng bayramona dasturxon yozilib, barcha tadbir ishtirokchilari birgalikda tanovul qilishdi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan bolajonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Yoshlarning baxtdan porlagan koʻzidan, shodon kulgularidan ularga bugungi kun juda manzur boʻlganligi maʼlum edi.