Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 avgustdagi «Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 5215-son Qarori talablarini sifatli va samarali amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mamedzoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda YUNISEFning “Bolalarni himoya qilish” dasturi rahbari Antoniya Lyudeke, dastur maslahatchisi Safinas Axayeva, Milliy gvardiya qo‘mondonining yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov va tizimning masʼul rahbar xodimlari ishtirok etishdi.
Suhbat davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari mamlakatda Mehribonlik uylarini deinstitutsionalizatsiya qilishga qaratilgan islohotlarni, ayniqsa, bolani qarindoshlari oilasida tarbiyalash muhimligini yuqori baholadi.
Shu bilan bir qatorda, M.Mamedzoda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga turar-joy muassasalarida bolalarni reintegratsiya qilish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va xalqaro standartlarga muvofiq o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, shuningdek, oilalar tarbiyasiga topshirilgan bolalarni monitoring qilishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini imzolashga kelishib oldilar.
Uchrashuv anʼanaviy hamda do‘stona muhitda o‘tdi.