Ayni kunlarda Buxoro shahrida anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Qadimiy shaharning o‘ziga xos brendiga aylangan ushbu tadbir bois necha ming yillik tarixga ega qadimiy ko‘chalar, karvonsaroylar, savdo majmualari bayramona qiyofa kasb etgan. Shahar uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar bilan yanada gavjumlashdi.
Turnaqator tizilgan rastalarda hunarmandlarning qo‘li-qo‘liga tegmayapti. Ipak matolarning jilvasi ko‘zlarni qamashtirmoqda.
Mazkur tadbirda viloyatimiz hamda qo‘shni yurtlardan kelgan mehmonlar bilan birga, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlarining oila aʼzolari, shuningdek, Oilaviy bolalar uyi farzandlari ham faol ishtirok etmoqda.
Aytish joizki, festival dasturidan doimgidek rang-barang tadbirlar joy olgan.
Qadimiy shahardagi ustaxonalarda zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kandakorlik, miniatyura sanʼati yo‘nalishlarida tajribali xalq amaliy sanʼati ustalari tomonidan mahorat saboqlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, ipak va milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda ziravorlar ko‘rgazma savdosi ham tashkil etilgan.
Folklor jamoalarining chiqishlari festivalga bayramona ruh bag‘ishlamoqda.